TOShKENT, 22-iyul – Sputnik. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida darolar o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish bo‘yicha buyurtmachi sifatida “Xavfsiz daryo” Davlat unitar korxonasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
“Xavfsiz daryo” DUKning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
- daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al qazib olish ishlarini olib borish uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ular asosida davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish;
- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi xodimlari bilan hamkorlikda doimiy ravishda joylarga chiqqan holda darolar o‘zanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalardagi holatni o‘rganish;
- darolar o‘zanlarida qum-shag‘al materiallari to‘planib qolgan va tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkalar ro‘yxatini tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritish.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 9-iyulda O‘zbekiston prezidentining “Ichki bozorni qum-shag‘al materiallari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ 3841-son Qarori imzolangan edi.