TOShKENT, 21-iyul – Sputnik. O‘zbekiston ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya 20-iyul kuni Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan MDHga a’zo davlatlarning ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Kengashda so‘zga chiqqan O‘zbekiston ichki ishlar vaziri yig‘ilganlarga respublikada shuningdek, ichki ishlar organlari tizimlarida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuzasidan axborot berdi.
Jumladan, vazir 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan MDH Davlat rahbarlari kengashi va hukumat rahbarlari kengashi tomonidan tasdiqlangan qarori, davlatlararo turli turdagi jinoyatlar bilan kurashish dasturi ijrosining bajarilishi natijalari haqida tanishtirdi.
Ishchi yig‘ilishda Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, MDH Ijroiya qo‘mitasi, MDHga a’zo davlatlar hududlarida uyushgan jinoyatchilik va jinoyatlarning boshqa xavfli turlari bilan kurashishni muvofiqlashtirish burosi, Interpol va Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot va muvofiqlashtirish markazi vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda ilgari tasdiqlangan kun tartibiga muvofiq 10ta masala muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha MDH ichki ishlar vazirlar kengashining tegishli qarorlari imzolandi.
MDH ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2019-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.