TOShKENT, 17-iyul - Sputnik. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi 14-15-iyul kunlari Parij-Moskva-Parij va Zagreb-Moskva-Zagreb yo‘nalishi bo‘yicha charter qatnovlarini amalga oshirdi, deb xabar berdi MAK matbuot xizmati.
"Fransiya va Xorvatiya terma jamoalarining final uchrashuvi uchun 480 nafar fransuz futbol muxlislari Parijdan Moskvaga yetkazildi. Fransiya jamoasi g‘alaba qozongan final o‘yinidan so‘ng, jamoa muxlislari Moskvadan o‘z vatanlariga, Parijga olib borildi", - deyiladi aviakompaniya xabarida.
Shuningdek, xabarga ko‘ra, Milliy aviakompaniya Xorvatiya terma jamoasining 480 nafar muxlisini Zagrebdan Moskvaga, jahon chempionati – 2018 final bosqichiga va Moskvadan Zagrebga yetkazdi.
Eslatib o‘tamiz, yakshanba, 15-iyul kuni Moskvadagi "Lujniki" stadionida futbol bo‘yicha jahon chekmpionati final o‘yini o‘tkazildi.
Unda Fransiya terma jamoasi Xorvatiya futbolchilari ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozondi va ikkinchi bor jahon chempioniga aylandi.