TOShKENT, 16-iyul - Sputnik. Toshkentda 15-iyuldan boshlab yer usti analog teleeshittirishlarni efirga uzatish to‘xtatildi, yil oxiriga qadar butun respublika bo‘ylab analog formatdagi barcha teleeshittirishlar to‘xtatilishi belgilangan, deb xabar qildi Radioaloqa, radioeshittirish va televidenie markazi.
Shu paytga qadar "O‘zbekiston", "Yoshlar", "Sport" va "Toshkent" telekanallari dasturlari analog formatda efirga uzatib kelinayotgan edi.
Endilikda ushbu teledasturlarni faqatgina raqamli formatda ko‘rish imkoni mavjud. Raqamli teledasturlarni ko‘rish uchun eski rusumdagi televizorlarga raqamli tuner qurilmasini ulash talab etiladi. Zamonaviy televizorlarda esa qo‘shimcha qurilmalarni ulash talab etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil iyuldagi qarorida belgilangan jadvalga ko‘ra, joriy yilning 15-yanvaridan Andijon, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlari, 15-apreldan Sirdaryo viloyati, 15-maydan Jizzax viloyati, 1-iyundan Samarqand viloyati, 15-iyundan Buxoro va Navoiy viloyatlari, 1-iyuldan Xorazm viloyatida efir orqali uzatilayotgan analog formatdagi teledasturlar efiri to‘liq to‘xtatilgandi.