TOShKENT, 13-iyul – Sputnik. Toshkentdagi ikki kollejda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgan va ularning rahbar va o‘rinbosarlari ishdan olingan. Bu haqda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kasb-hunar ta’limi markazida o‘tkazilgan “Ta’lim muassasalari rahbar xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish va odob-axloq qoidalariga rioya etish” mavzuyidagi seminarda ma’lum qilindi.
“Seminar yig‘ilishida prokuratura va ichik ishlar organlari taqdimnomalari asosida Toshkent telekommunikatsiya texnologiyalari kasb-hunar kolleji xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi, 28, 211-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi ochilgani, Toshkent aloqa kasb-hunar kolleji hamda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi politexnika kasb-hunar kollejida sodir etilgan firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat tafsilotlari, mazkur holatlar bo‘yicha rahbar va o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari egallab turgan lavozimidan ozod etilganiga ham munosabat bildirildi”, - deyiladi xabarda.
Kasb-hunar ta’limi markazi rahbar-xodimlari, Toshkent shahar kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbar va pedagog xodimlari ishtirok etgan seminarda yuqorida qayd etilgan jinoyatlarning sodir etilishiga rahbar xodimlarning o‘z xizmat vazifalariga nisbatan vijdonan yondashmasligi, jamoa orasida ijtimoiy sog‘lom muhit shakllantirilmaganligi sabab bo‘layotganligini alohida qayd etildi.
Seminar so‘ngida ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurash borasida uning halokatli oqibatlaridan yoshlarni ogohlantirish, bunda ta’sirchan targ‘ibot vositalaridan foydalanish, tizim xodimlari orasida esa kasbga sadoqat tuyg‘usini, har bir noqonuniy harakat uchun jazo muqarrarligi, davlat va jamiyat oldida ma’naviy javobgarlik borligi tushuntirildi va galdagi vazifalar belgilab berildi.