TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 6-iyul kuni ushbu davlatga jo‘nab ketdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari Qozog‘iston poytaxtida Ostona shahrining 20-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etadi.
Tashrif davomida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda 2018-yilni O‘zbekiston yili deb e’lon qilgandi. 2017-yil yakuni bo‘yicha davlatlar o‘rtasida tashqi savdo aylanmasi 8,6 % ko‘payib, 2 milliard dollardan oshdi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda Qozog‘iston sarmoyasi ishtirokida 281 ta korxona faoliyat yuritmoqda hamda Qozog‘istonning 14 ta kompaniya vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.
Tomonlar tovar almashish hajmini 2018-yilda 3 milliard dollargacha, 2020-yilda 5 milliard dollargacha yetkazishni ta’minlash maqsadida hamkorlikda tegishli choralarni ko‘rishga kelishib olishgan.