TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. O‘zbekistonlik hakamlik Ravshan Ermatovning JCh-2018 qolgan o‘yinlarida hakamlar ro‘yxatiga kiritilmaganligi sababi ma’lum bo‘ldi.
FIFA Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon Chempionatining qolgan uchrashuvlarini boshqaradigan hakamlar ro‘yxatidan o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov o‘rin olmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, Ravshan Ermatovning yordamchisi Abduhamidullo Rasulovning eski jarohati bezovta qila boshlagan. Natijada, Ermatov guruhi o‘yinlarda ishlay olmasligi oydinlashgan.
Afsuski, yordamchimni tizzasidan olgan eski jarohati yana bezovta qilishni boshladi. Ushbu jarohat unga to‘liq harakat qilishga va maydonga chiqishga imkoniyat bermadi. Jahon chempionatida vaqt qisqa, to‘liq tiklanish esa ko‘p vaqtni talab qiladi.
FIFA Ravshan Ermatovning hakamlik brigadasi ish faoliyatiga yuqori baho bergan.
"Bizga 2ta qiyin o‘tishi kutilgan o‘yinni topshirishdi: Argentina — Xorvati va Ispaniya — Marokash. O‘yinlar kutilgandek oson bo‘lgani yo‘q, Xudoga shukur ushbu o‘yinlarni qo‘pol xatolarsiz, yaxshi o‘tkazdik. Inspektorlar o‘yindan keyin: "Bunday qiyin o‘yinlarda 3-4 ta qizil kartochkalar bo‘lib ketadi, deb o‘ylagandik, lekin sizlar qizil kartochkalarsiz va jarohatlarsiz adolatli boshqardinglar", — deb ishimizni yaxshi baholashdi", — deb ta’kidladi Ravshan Ermatov.
Bundan tashqari, boshqa tarmoqlarda ham fikrlar bildirilgan. Xususan, Futbolium Telegramdagi botida quyidagi mazmunda xabar yozilgan.
"Hozir hammani bir savol qiziqtirmoqda. Nima uchun FIFA Ravshan Ermatovni qolgan matchlar ro‘yxatiga kiritmadi. Ma’lum bo‘lishicha, Ravshan Ermatovning yordamchilaridan biri — Abduhamidullo Rasulov jarohati bo‘lgan va u shu jarohat bilan Rossiyada ikkita o‘yin o‘tkazdi. Jarohat ikkinchi o‘yindan so‘ng o‘zini ma’lum qildi va Xamid shu kundan beri hatto mashg‘ulot qilmadi. Hakamlik qo‘mitasi rahbariyati biz arbitrimizning sog‘ayib ketishini kutgan edi. Biroq, afsuski, bu bo‘lmadi. Shunday qilib, Ravshanning ro‘yxatga kiritilmagan haqiqiy sababi hakamlik darajasi emas, balki uning yordamchisining jarohati bo‘ldi. Ravshan va uning yordamchilari Moskvada qolmoqdalar, bu esa ularga FIFA tomonidan ishonch bildirayotganligidan dalolat bermoqda", — deyilgan xabarda.