TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanida joylashgan Toshkent o‘yinchoqlari fabrikasiga tashrif buyurib, bajarilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, "NBU Investment" MChJ tomonidan tashabbuskor-investorlar bilan birgalikda 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. "Toys City", "O`yinchoqlar Fabrikasi", "Funny Kids World", "National Products" va "United Nation company" kabi mazkur korxonalarda bolalar uchun kiyim-kechaklar, turli buyumlar va o‘yinchoqlar ishlab chiqariladi. Ularda jami 920 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Bugungi kunda "Toys City" korxonasi ishga tushirilgan bo‘lib, 70 ga yaqin mahsulot tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
Shavkat Mirziyoyev mazkur korxonada o‘yinchoqlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.