TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. Chexiya poytaxti Praga shahrida 30-iyundan 8-iyulga qadar dunyo shifokorlari o‘rtasidagi jahon birinchiligi musobaqalari O‘zbekiston shifokorlaridan iborat terma jamoasi ishtirok etadi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Ushbu bellashuvda Braziliya, Argentina, Germaniya, Angliya, Meksika kabi 22 mamlakatning shifokorlaridan iborat terma jamoalar ishtirok etadi.
O‘zbekiston shifoxonalarida mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlaridan tarkib topgan terma jamoa ham o‘z tarixida to‘rtinchi bor mazkur musobaqada qatnashmoqda.
Shifokor futbolchilari bu yilgi chempionatda ham yuqori pog‘onalarni egallashlari, turnirda munosib ishtirok etishlari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan har tomonlama yordam berildi. Dastlab, yil boshida respublikaning barcha viloyatlaridan shifokor futbol jamoalari ishtirokida saralash turniri o‘tkazildi. Bu turnirda jami 180 nafardan ortiq shifokor futbolchilar ishtirok etgan bo‘lsa, turnir yakuniga ko‘ra, eng kuchli 26 nafar mahoratli o‘yinchi terma jamoa uchun tanlab olindi.
Jamoani musobaqalarga tayyorlash maqsadida "Bunyodkor" professional futbol klubi murabbiyi Sergey Chagudayev va Denis Karsnichenkolar bilan shartnoma ham imzolandi. Murabbiylar tomonidan mart oyidan boshlab, haftada 4 kun davomida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, 3 marotaba tashkil etilgan o‘quv yig‘inida o‘yinchilar jismoniy va texnik jihatdan puxta tayyorgarlikdan o‘tishdi.
Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Maxmadaliyev ishtirokida futbolchilarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.