TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. 28-29-iyun kunlari Toshkent shahridagi Inxa universitetida "O‘zbekiston 2035" forumi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident devoni, vazirliklar va idoralar, ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni vakili Mavlyanov, "Buyuk Kelajak" ekspertlar kengashi Raisi — Alisher Kalonov, "Buyuk Kelajak" Ta’sis kengashi a’zosi Sobir Shodiyev hamda BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori Xelena Freyzer o‘z nutqlari bilan ishtirok etadilar.
Besh yalpi sessiya quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
— davlat va jamiyat boshqaruvi tizimlarida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish;
— aholi yashash darajasi va ijtimoiy muhofazasini oshirish;
— qishloq xo‘jaligi va sanoat majmuasi, sanoat, issiqlik va elektr energiyasi majmuasi, infratuzilmani rivojlantirish;
— moliyaviy soha, innovatsiyalar, o‘rta va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish;
— ilm-fan, turizm, madaniyat, ta’lim va inson kapitali sohalarini rivojlantirish.
Shundan so‘ng yalpi yig‘ilish doirasida vazirliklar va idoralar vakillari hamda "Buyuk Kelajak" XNNTning tegishli sohalardagi 60 nafar eksperti o‘rtasida qayd etilgan mavzular bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tadi.
"Buyuk Kelajak" XNNT aholi hayotini yaxshilash va barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha amaliy bilimlar va loyihalar ishlab chiqish maqsadida O‘zbekistonning butun intellektual salohiyatidan samarali foydalanish uchun tashkil etilgan. Bugungi kunda ekspertlar kengashi Tokiodan San-Fransiskogacha bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi 155 nafar vatandosh mutaxassislarni birlashtirdi.