TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Xitoyning Venlin shahrida xitoylik ayol ijaraga olingan Ferrari 458 Italia superkarini avtosalondan olib chiqib, bir necha daqiqadan so‘ng majaqladi.
Bu avariya videosi Daily Mail nashrining YouTube kanalida e’lon qilingan.
Videoda ayolning noqulay ob-havo sharoiti — yo‘lning sirpanchiqligi tufayli nazoratni yo‘qotgani aks ettirilgan. Natijada Ferrari to‘siqqa borib urilgan, shundan so‘ng BMW bilan to‘qnashgan. Bu to‘qnashuv BMWning boshqa avtomobilga borib urilishiga sabab bo‘lgan.
Avariyadan bir necha daqiqa oldin xitoylik ayol mashinadan video suratga olgan va unda ijaraga olgan avtomobili bilan maqtangan.
"Birinchi marotaba Ferrari rulidaman. Bu chindan ham ajoyib hissiyot", — deydi ayol videoda.
Xitoylik ayolning mas’ulligi sug‘urtalanganmi-yo‘qmi, bu haqda ma’lumot berilmagan. YTH oqibatida hech kimga jiddiy zarar yetmagan.