TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Afg‘oniston hukumati va "Tolibon" radikal harakati o‘rtasidagi muzokaralar 28-iyun kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi RIA Novosti.
Ilgariroq 1TV telekanali Afg‘oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla mamlakatda o‘rnatilgan vaqtinchalik tinchlikdan so‘ng "Tolibon" radikal harakatini hukumat bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirgan edi.
"Yigirma sakkizinchi iyun kuni Bokuda Afg‘oniston bo‘yicha Xalqaro muvofiqlashtirish guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv davomida Afg‘oniston va "Tolibon" rasmiylari o‘rtasida tinchlik muzokaralari o‘tkaziladi. Afg‘oniston tomondan yig‘ilishda mamlakat Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Hikmat Halil Karzay ishtirok etadi. "Tolibon" tomondan muzokaralar bo‘yicha vakillar ishtirok etishadi", — deyiladi xabarda.