TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasining "Maxsus aviatsiya ishlari" aviakompaniyasi turoperatorlar, agentliklar va barcha xohlovchilarga O‘zbekistonning go‘zal go‘shalariga vertolotda sayr qilish xizmatidan foydalanishni taklif qilmoqda.
"Biz Toshkent viloyatining so‘lim go‘shalari bo‘lgan Pskem vodiysi, Maydontol, Ixnachsoy, Ispaysoy va qaynoq suv otilib chiqadigan buloqlari bilan mashhur Angren yassi tog‘lari, Kaptarkumush darasi, Po‘latxon yassi tog‘lari, Chimon cho‘qqisiga vertolotda sayr qilishni taklif etamiz", deyiladi MAK xabarida.
Xabarda aytilishicha, sayohat uchun 16 o‘rindiqli VIP-klass va 22 o‘rindiqqa ega bo‘lgan ekonom klass Mi-8 vertolotlaridan foydalaniladi.
Shuningdek, Samarqanddan Zarafshon tog‘ tizmalariga, G‘ilon, Zarmas qishlog‘iga, Temur g‘origa, Teshiktoshga, Surxon tog‘ tizmalaridagi Boysun, vodorod sulfid manbasiga ega Xo‘jai Pok, Buxorodan Uchquduqqa qarab uchishda qaynoq suv chiqib turadigan chashmalar, Nukusdan, Mo‘ynoqdan, Qo‘ng‘irotdan Orol dengizi tomon va Xorazm viloyati bo‘ylab cho‘zilgan qadimiy qal’alarga sayohat taklif etilmoqda.
"Yozgi mavsumning eng issiq pallasi — chillada vertolotni Chimon meteostansiyasi vertolot maydonchasida, Chorvoq oromgohi dam olish zonasida qo‘ndirish va shu yerning o‘zida qisqa muddatli parvozlarni bajarib, dam oluvchilarga unutilmas lahzalarni hadya qilishingiz mumkin", deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Xizmatlar jismoniy shaxslarga ham, yuridik shaxslarga ham ko‘rsatilishi aytilmoqda.