TOSHKENT, 17 iyun – Sputnik. Kishinevda 15 iyun kuni Oʻzbekiston – Moldova TIV rahbarlari oʻrinbosarlari darajasidagi uchrashuv boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Uchrashuvda Moldova Tashqi ishlar va Yevropa bilan integratsiya vazirligi davlat kotibi Tatyana Molchan boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etgan.
Muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlar, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlik kabi yoʻnalishlardagi aloqalarning muhim masalalari batafsil muhokama qilindi. Shuningdek, savdo, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim sohasidagi kooperatsiya hamda akademik almashinuvlar uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Shu kunning oʻzida boʻlib oʻtgan TIV vakillari uchrashuvida ikki tomon aloqalarning shartnomaviy-huquqiy bazasi inventarizatsiya qilingan va Oʻzbekiston Moldova orasida kelajakda imzolanishi mumkin boʻlgan hujjatlar loyihalari yuzasidan fikr almashilgan.
Xabarda aytilishiga koʻra, Oʻzbekiston — Moldova Hukumatlararo komissiyasining soʻnggi uchrashuvi bundan 16 yil oldin boʻlib oʻtgan.