TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda 23-iyun kuni dunyo bo‘ylab bayram qilinadigan Xalqaro Olimpiya kunini (International Olympic Day) keng nishonlash rejalashtirilgan va buning uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
O‘sha kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan qator tadbirlar o‘tkaziladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Rejaga binoan, kunning birinchi yarmida an’anaviy marafon va yengil atletika bo‘yicha musobaqa uyushtiriladi.
Kechki payt esa "Milliy" (sobiq "Bunyodkor") stadionida bo‘lib o‘tadigan bayramda sportchilar va san’atkorlar ishtirokida turli ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etiladi.
Mazkur sport bayramiga 30 000dan ortiq mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda. Stadionda gimnastika, tennis, velosport, boks, qilichbozlik, yakkakurashlar hamda yengil atletika ustalari o‘z mahoratlarini yig‘ilganlarga namoyish etadilar.
Tadbirning asosiy qismida shou-biznes yulduzlari va ZO'R TV telekanali boshlovchilari o‘rtasidagi futbol o‘yini tashkil qilinadi.