TOShKENT, 14-iyun – Sputnik. Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portaliga O‘zbekiston prezidentining “Xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqeyini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Loyiha bilan pedagog xodimlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, jamiyatda o‘qituvchilarning nufuzini yanada oshirish hamda ularni yoshlarga namuna va o‘rnak darajasiga ko‘tarish ko‘zda tutilmoqda.
Qaror loyihasida jumladan, eng yaxshi fan o‘qituvchilarini chet ellardagi yetakchi ta’lim muassasalariga malaka oshirish uchun qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish, rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan dam olish kunlarida va ta’til davrlarida ta’lim muassasalari pedagoglariga o‘z o‘quvchilari bilan sayohatlar uyushtirishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, Kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan respublikaning tarixiy-madaniy markazlari va noyob tabiat go‘shalariga sayohatlarini tashkil etish, ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini davlat mukofotlariga tavsiya etish salmog‘ini ko‘paytirish, shuningdek tarmoq mukofotlari sonini oshirish, ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini sog‘liqni saqlash organlari tomonidan bir yilda bir marotaba keng qamrovli bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek ta’lim muassasasi va xalq ta’limi boshqaruv organlarida 5-yildan ortiq faoliyat olib borayotgan, o‘z kasbiy mahoratini namoyon qilayotgan, ta’lim sifatiga munosib hissa qo‘shayotgan pedagoglar uchun arzon uy-joylar qurilishi dasturi doirasida uy-joy sotib olishlari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, 2018-yil 1-sentabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlari 24 foizga, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlari esa 10 foizga oshiriladi.
Ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayoniga shaxsiy hissa qo‘shayotgan, o‘z kasbiga sodiqlik va tashabbuskorlik, yuqori kasb darajasini namoyon etayotgan, o‘quvchilari hududiy, respublika va xalqaro miqyosdagi turli fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlarga eng kam oylik ish haqining 3 barobaridan 20 barobarigacha miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining pedagogik yuklamasi bekor qilinadi, ulardan ortiqcha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish amaliyoti qat’iyan taqiqlanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari tomonidan oliy va birinchi malaka toifasini olish uchun topshiriladigan test sinovlari uchun to‘lanadigan to‘lov miqdorini ikki barobarga kamaytiriladi.
Qaror loyihasi muhokamasi 28-iyunda yakunlanadi.