TOShKENT, 13-iyun – Sputnik. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov yoshini kichraytirish bo‘yicha aybdor deb topilganlar masalasini qaytadan ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda Assotsiatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 5-yanvar kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroqo‘mi burosining qaroriga asosan yoshini kichaytirish bo‘yicha aybdorligi aniqlangan Nodirbek Teshaboyev, Muhammadjon Abdullayev, Nuriddin Hasanov, Dilshod Ahmadaliyev, Burxon Hasanov kabi futbolchilar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilgandi.
Assotsiatsiyaning ma’lum qilishicha, o‘tgan davr mobaynida ulardan aksari o‘z aybini tushunib yetdi, hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni to‘g‘riladi. Shuningdek, tashkilotga bir necha bor xat bilan chiqib, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirdi.
“Hayotda hamma xato qiladi, buni tushunish mumkin. Biroq bitta xatoni ikki bor qaytalashni tushunib bo‘lmaydi. Futboldan chetlashtirilgan yigitlar hali ancha yosh. Ular xato yo‘lga kirganini tushunib yetdi. Mamlakatimiz prezidenti bilmay ayb ish qilayotgan minglab insonlarni afv etayotgan bir vaqtlarida, biz ham tushunib-tushunmay noto‘g‘ri ishga qo‘l urgan futbolchilarga yana bir bor imkon berishimiz kerak. Endi ular g‘irromlik nima ekanini yaxshi tushunadi. Buyog‘iga ulardan o‘zini sportga bahshida etib, yuqori cho‘qqilar sari intilish talab etiladi”, — degan Umid Ahmadjonov.
Tez orada O‘FA Ijroqo‘mi bu masalani atroflicha o‘rganib chiqadi hamda uzoq vaqt davomida boshqa ism-sharif bilan “nom qozongan” yigitlarga, o‘zlarining haqiqiy ism-shariflari bilan faoliyatlarini davom ettirish imkoniyatini yaratadi.
2019 yildan boshlab bolalar futbol klublari tarbiyalanuvchilarini yaxlit elektron bazaga bosqichma-bosqich kiritib borish boshlanadi. Ya’ni maktab yoshidagi futbolchi haqida barcha ma’lumotlar, shu futbolchi to millionlar o‘yini bilan xayrlashmaguniga qadar yangilanib turadi. Bu esa 14—15 yoshli yangi futbolchining birdan “paydo bo‘lib qolishi” holatlarini kamaytiradi.
Yaxlit elektron bazadan istalgan odam Superliga, Pro-Liga, 2-liga, bolalar ligalari futbolchilarini topishi mumkin bo‘ladi. Shu holatdan keyin ham futbolchilar yoshini kichiklashtirishga harakat davom etsa, buning ortida turgan kishilarga shafqat qilinmaydi.
Bu borada O‘FA Ijroqo‘mining qarori tez orada e’lon qilinadi.