TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. Xotin-qizlar qo‘mitasi yangi loyihaga qo‘l urdi, deb xabar berildi Xotin-qizlar qo‘mitasining Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Hozirda mehnat migratsiyasining oila va bolalarga ta’sirini o‘rganib chiqqan rasmiy tadqiqotlar mavjud emas. Shuningdek, bolalar himoyasiga va migratsiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar ham mavjud emas.
Yuqoridagi ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi YuNISEF xalqaro bolalar jamg‘armasi bilan hamkorlikda "migratsiya oqibatida himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalarni himoya qilish" mavzusidagi xalqaro loyihaga qo‘l urdi", — deyiladi xabarda.
2018 yil 11-iyun kuni mazkur masalalar bo‘yicha eskpertlarning dastlabki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Xotin-qizlar qo‘mitasi, "YuNISEF" jamg‘armasi, Tashqi ishlar vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, "Oila" ilmiy-amaliy markazi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi vakillaridan iborat ekspert guruhi ish boshladi.
Mazkur loyiha 36 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, mamlakatning 4 viloyatini qamrab olishi kutilmoqda.
Loyiha davomida migrant oilalarning farzandlarini ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish, ularning har tomonlama kamol topishi asosiy maqsad etib belgilandi, deb xabar qilgan qo‘mita.