TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. O‘zbekiston davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev bugun, 12-iyun kuni ishchi tashrif bilan Dushanbega bordi, deb xabar bermoqda "Xalq so‘zi" nashri.
Manba bergan xabarda qayd qilinishicha, Ixtiyor Abdullayevni poytaxt aeroportida Tojikiston milliy xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov kutib olgan.
Ikki davlat maxsus xizmatlari rahbarlari uchrashuv davomida terrorizmga qarshi kurash, davlat chegaralarini muhofaza qilish, o‘zaro axborot almashish masalalarini muhokama qiladilar. Yakunda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha bitim imzolanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston DXX rahbari Rog‘un GESi barpo etilayotgan hududga tashrif buyurishi va u yerda qurilish ishlarining borishi bilan tanishishi ham ko‘zda tutilgan.