TOShKENT, 9-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida o‘tayotgan ShHT sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p formatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratishini ta’kidladi. Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkilotiga muvaffaqiyatli raislik va Sindao sammiti yuqori darajada tashkillashtirilgani bilan Xitoy rahbarini tabrikladi”, - deyiladi xabarda.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, yuqori texnologiyalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Buning uchun ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar tashkiloti, ShHT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston bilan Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. 2017-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan.
O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 700 dan ziyod korxona, qator kompaniyalar vakolatxonalari ochilgan. O‘zaro hamkorlikda sanoat, yuqori texnologiyalar, neft-gaz, kimyo, transport va logistika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.