TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyun kuni Sindao shahrida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammadni qabul qildi, deb xabar berdi prezident matbuot-xizmati.
Amina Muhammad Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi ishtirokini mamnuniyat bilan yodga olgan. O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholagan. Toshkentda o‘tgan "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzusidagi xalqaro konferensiya bu masalaga jahon hamjamiyati e’tiborini tortgani qayd etildi.
Muloqotda avvalgi uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi bo‘yicha atroflicha fikr almashildi. Hamkorlikning istiqboldagi muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi.