TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Samarqand viloyatida zamonaviy ikkita yo‘l o‘tkazgich ko‘prik quriladi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Xabarda aytilishicha, viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra Samarqand viloyatida 60 dan ortiq yirik ko‘prik va estakada joylashgan.
"Afrosiyob" tez yurar poyezdini ishga tushilishi va temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilinishi bilan Samarqand-Buxoro temir yo‘l yo‘nalishidagi ko‘prik va estakadalarni rekonstruksiya qilish talabi yuzaga keldi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kapital ta’mirlanishi lozim bo‘lgan bu kabi obyektlar soni 20 dan ortiq mavjud. Ularga Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi "Samarqand" xalqaro aeroporti yaqinidagi estakada kiradi. Bu obyekt o‘tgan asrning 70-yillarda barpo etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda eskirib qolgan.
Shuningdek, Samarqand-Buxoro trassasi, ko‘mir ombori yaqinida joylashgan yo‘l o‘tkazgich ko‘prigi ham rekonstruksiyaga muhtoj. Hozirgi vaqtda ushbu obyektlarni qayta ta’mirlash bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash va ularni "yo‘l haritasi"ga kiritish ishlari bajarilmoqda.
Bundan tashqari, Qoradaryo ustidan yangi zamonaviy yo‘l o‘tkazgich ko‘prigini barpo etishga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. 2019-yilda ushbu obyekt ekspluatatsiyaga kiritilsa "Yangiobod" mahalasi aholisi Samarqandga 10-15 daqiqa ichida yetib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Hozirgi vaqtda Samarqand viloyati yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infatuzilmasini modernizatsiya qilish dasturi doirasida Samarqanddagi Bo‘stonsaroy ko‘chasini kengaytirish bo‘yicha ishlar jadal suratlarda olib borilmoqda. Gulobod va T-34 ko‘chasini Samarqand ko‘chasigacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu o‘z navbatida yo‘llarda tirbandliklarni oldini olib, haydovchilar va piyodalarga qo‘shimcha qulayliklarni beradi.
Huqumat qaroriga asosan Mirzo Ulug‘bek va Gagarin, Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari chorahasida ikkita zamonaviy yirik yo‘l o‘tkazgich ko‘prik quriladi.
Ko‘prik qurilishi munosabati bilan Rudakiy va Bustonsaroy ko‘chalari chorasidan "Samarqand" xalqaro aeroportigacha qurilish ishlari olib borilmoqda.