TOShKENT, 8-iyun – Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Koreyada ishlash maqsadida imtihon topshirib, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolardan hujjatlarini taqdim qilishlarini so‘ramoqda.
Ma’lum qilinishicha, Koreyaning bandlikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha shu yil 5-16 martdagi koreys tili test sinovlaridan va 29-apreldan 2-maygacha bo‘lib o‘tgan malaka(skill) testlarida qatnashib, muvaffaqiyatli o‘tgan hamda 4-21 may kunlari mehnat shartnomasiga muvofiq Koreyada ishlab kelganlar uchun bo‘lib o‘tgan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar
Agentlik mintaqaviy burolariga tegishli hujjatlarni taqdim qilishlari talab etiladi.
Hujjatlar 2018-yilning 11,12,13 iyun kunlari qabul qilinadi.
Nomzodlardan 2 dona sifatli rangli pasport nusxasi (pasportning amal qilish muddati 1-yildan kam bo‘lmasligi lozim (01.06.2019y.dan kam bo‘lmagan)), 2 dona 3,5x4,5 o‘lchamdagi fotosurat, 086 shakldagi tibbiy ma’lumotnoma hamda zaruriyat tug‘ilganda nomzod bilan bog‘lanish uchun qo‘shimcha imkoniyat sifatida unga yaqin bo‘lgan inson to‘g‘risida ma’lumot (ism sharifi va telefon raqami) talab qilinadi.
Kech qolgan yoki kelmagan nomzodlar shaxsan o‘zlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan kelishlari lozimligi aytilgan.
Hujjatlar to‘plamini yig‘ish va qabul qilish to‘lovsiz (bepul, tekinga) amalga oshirilishi ta’kidlanmoqda.