TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Musulmonlar idorasi matbuot xizmati vakili Anvar qori Tursunov vafoti haqidagi xabarlar asossizligini ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ikki haftadan buyon Toshkent shahrining bosh imomi — Anvar qori Tursunov atrofidagi mish-mishlar tingani yo‘q. Koma holatida yotgan imomning vafoti haqida ko‘plab OAVlarda e’lon qilingan bo‘lsa-da, rasmiy idoralar bu mish-mish, asossiz xabar ekanligini ta’kidlab kelmoqda.
Sputnik O‘zbekiston muxbirining "Anvar qori Tursunov vafoti haqidagi xabarlar rostmi?", — degan savoliga Musulmonlar idorasi matbuot-xizmati "Mutlaqo assosiz", deya javob qaytardi.
Shuningdek, qator mahalliy nashrlar ham Anvar qori Tursunov vafot etganini rad etmoqda. Xususan, O‘zA Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga tayanib Anvar qori Tursunovning vafot etgani haqidagi xabarlar yolg‘onligini, lekin uning ahvoli ayni paytda og‘irligi haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21-may kuni Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi Rahmonov vazifasidan ajralmagan holda Toshkent shahar vakili, Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.
Musulmonlar idorasi rasmiy saytida Anqar qori Tursunovning vafoti haqida tarqatilgan xabarlarga 8-iyun kuni rasmiy munosabat e’lon qilindi.
"Ijtimoiy tarmoqlarda, telegramlarda Anvar qori akaning vafot etganlari haqida asossiz xabarlar tarqatilmoqda.
Ayrim xabarlarda "Deyarli vafot etibdilar" deyilyapti. Qanaqasiga deyarli vafot etadi. Inson yo tirik bo‘ladi, yoki vafot etgan bo‘ladi. Deyarli degan narsa bo‘lmaydi. Shu so‘zni gapirgan odamning o‘zi nima deganini tushundimikin?!
Ayrim xabarlarda esa "Masjidda e’lon qilindi" deyilyapti. Yolg‘on gapirgani Allohdan qo‘rqish kerak! Qanaqasiga tirik odamni "Vafot etdi" deb katta bir masjidda e’lon qilinishi mumkin?! Masjidlarimizda xizmat qilayotgan imom domlalarimizga nisbatan bo‘hton bu", — deyilgan xabarda.
Shuningdek, idora barcha-barchani yolg‘on xabarlar tarqatmaslikka chaqirgan.