TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Joriy yil 5-iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Afg‘oniston Islom Respublikasiga O‘zbekistondan 3 ming tonna bug‘doy insonparvarlik yordami sifatida yuborildi, deb xabar berdi "Jahon" AA.
2017-yilning so‘nggi oylari va 2018-yil boshlarida Afg‘oniston hududining uchdan ikki qismida qurg‘oqchilik kuzatildi. Oqibatda bug‘doy hosili keskin kamayib ketdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofatdan Afg‘onistonning 2,3 million aholisi aziyat chekishi ehtimoli bor.
Joriy yil 28-may kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatning 34 viloyatidan 16 tasi qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotganini ma’lum qilib, dunyo hamjamiyatini insonparvarlik yordami ko‘rsatishga chaqirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning ko‘pgina suv omborlari qurib qolgan. Tabiiy ofat asosan mamlakatning shimoliy qismida kuzatilmoqda.
O‘zbekiston qo‘shni davlatning chaqirig‘iga birinchilardan bo‘lib javob berdi, qardosh davlat aholisiga yordam qo‘lini cho‘zdi.
2018-yil yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti nomidan Afg‘onistonga 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika vositalari hadya qilingan edi. Shuningdek, mamlakatimiz ko‘magi bilan Afg‘onistonda ko‘priklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik tolali kabel liniyalari, suv ta’minoti tarmoqlari barpo etildi va bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasini Afg‘onistonning Balx viloyati hokimi kutib oldi.
Unda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilib, O‘zbekistonning Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik bardavomligidan dalolat ekani ta’kidlandi. Yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Afg‘onistonga 3 ming tonna bug‘doy bilan birgalikda bolalar uchun kiyim-kechak ham jo‘natildi.