TOShKENT, 5-iyun – Sputnik. Qoraqalpoq davlat universitetining kimyo-texnologiya kafedrasi mudiri va kimyo-texnologiya fakulteti dekani egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
Xabar qilinishicha, Qoraqalpoq davlat universitetining kimyo-texnologiya kafedrasi mudiri Maxset Ayimbetov 29-may kuni mazkur universitet kimyo-texnologiya fakultetining neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi ta’lim yo‘nalishi talabalarini darslaridan ozod qildirib, Nukus tumanidagi o‘zining “Shortanbay tangi” fermer xo‘jaligiga dala ishlariga majburiy tusda mehnatga jalb qilganligi haqida “Xabar.uz” saytida maqola e’lon qilingan.
“Mazkur holatni o‘rganish natijasida aniqlanishicha, haqiqatdan ham Qoraqalpoq davlat universitetining kimyo-texnologiya kafedrasi mudiri M.Ayimbetov talabalarni yordam berish uchun fermer xo‘jaligiga olib borganini va shu kunning o‘zida soat 10:30larda fakultet dekanatining ko‘rsatmasiga asosan talabalarni universitetga qaytarib olib kelganini, qilgan ishidan pushaymon ekanini ma’lum qilgan”, - deyiladi xabarda.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, kafedra mudiri M.Ayimbetov hamda kimyo-texnologiya fakulteti dekani R.Kurbaniyazov 2-iyun kuni egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.