TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Yo‘l harakati qoidalarini buzgan fuqarolarni video tasvirga olgan shaxslar rag‘batlantiriladi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati O‘zAga tayangan holda.
Mazkur qaror bilan 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi va uni tadbiq etish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" tasdiqlangan. Shu bilan birga, har oy "Avtomobilsiz kun" aksiyasi yo‘lga qo‘yilishidan maqsad yo‘llarda xavfsizlik muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etib, avtotransportsiz harakatlanish mumkinligi va zarurligini namoyish qilishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi zimmasiga uch oy muddatda jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarida o‘rnatilgan videoregistratorlaridan olinadigan videoyozuvlarni tezkor to‘plashning markazlashtirilgan tizimini joriy etish, sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida taklifni kiritish hamda shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini saqlab qolish imkoniyati ta’minlangan holda ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha topshiriq berilgan.