Muomaladan chiqarilayotgan tangalar va pullar qay tartibda almashtiriladi

Obuna bo‘lish
Ushbu tangalar va banknotalar savdo, xizmat ko‘rsatish va boshqa soha subyektlarining kunlik tushumi sifatida bank kassalariga topshiriladi hamda qayta muomalaga chiqarilmaydi.

TOShKENT, 23-may – Sputnik. Eski namunadagi tangalarni va banknotalarni muomaladan qaytarib olish tabiiy yo‘l bilan, ya’ni bank kassalariga kelib tushgan ushbu tangalar va banknotalarni qayta muomalaga chiqarmaslik orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Tasdiqlangan tartibga ko‘ra, eski namunadagi 50, 100 so‘mlik tangalar hamda 50 va 100 so‘mlik banknotalar uchun 2019-yilning 1-iyuliga qadar, eski namunadagi 200 va 500 so‘mlik banknotalar uchun 2020-yil 1-iyulga qadar muomalada bo‘lish muddati belgilangan.

Belgilangan muddat davomida ushbu banknota va tangalar qonuniy to‘lov vositasi hisoblanib, ular bilan naqd puldagi to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

“Shu sababli, aholining xavotirga tushishiga hech qanday hojat yo‘q. Chunki naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda ushbu tanga va banknotalardan cheklovlarsiz foydalanishlari mumkin”, - deyiladi xabarda.

Ushbu tangalar va banknotalar savdo, xizmat ko‘rsatish va boshqa soha subyektlarining kunlik tushumi sifatida bank kassalariga topshiriladi hamda qayta muomalaga chiqarilmaydi.

Aholi qo‘lidagi eski namunadagi tangalar va banknotalarni banklar orqali yangi namunadagi tangalarga almashtirib olishlari ham mumkin.

Eski namunadagi 50, 100 so‘mlik tangalar hamda 50 va 100 so‘mlik banknotalar yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalar muomalaga chiqarilgan kundan boshlab hamda eski namunadagi 200 va 500 so‘mlik banknotalar 2019-yil 1-iyuldan boshlab bank kassalari orqali yangi tangalarga almashtirib olish mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalarning muomalaga chiqarish sanasi, ularning ko‘rinishi va tavsifi Markaziy bankning veb-sayti va OAV orqali e’lon qilinadi.

Yangiliklar lentasi
0