TOShKENT, 22 may — Sputnik. Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida “O‘zbekiston Kuni” nishonlandi, deb xabar qilmoqda aeroport matbuot xizmati.
Tadbir “O‘zbekiston havo yo‘llari kompaniyasi va Sankt-Peterburg aeroporti va “Aerotur” kompaniyalari hamkorligida tashkil qilindi.
Mehmonlarga Registon majmuasi tasvirlangan plakat oldida suratga tushish, O‘zbekiston mevalari va taoimlaridan tatib ko‘rish taklif qilindi.
Yo‘lovchilar oldidan O‘zbekiston havo yo‘llari vakili Zafar Saydazimov va aeroport mutaxassisi Anna Nikiforova nutq so‘zladi.
“Tadbirning rasmiy qismi yakunlanganidan so‘ng mehmonlar oldida “Bahor” ansambli o‘zbek milliy raqslaridan ijro etdi, aeroport tarixida ilk bor o‘zbek milliy liboslari namoyish qilindi”, — deyilgan xabarda.
Aeroport zalida jamlangan yo‘lovchilarda ushbu tadbir katta qiziqish uyg‘otdi, ular ayniqsa O‘zbekistonga uyushtiriladigan sayyohlik dasturlari bilan qiziqdilar.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil hisobida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Shimoliy poytaxt aeroporti orqali eng ko‘p yo‘lovchi tashigan aviakompaniyalar beshligidan o‘rin olgan edi.