TOShKENT, 21-may — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov "O‘zbekiston 24" telekanaliga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar yakunlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Kamilov tashrif haqida batafsil to‘xtalar ekan, u "to‘satdan paydo bo‘lmaganligini" ta’kidladi.
"O‘zbekiston va Amerika tomonidan bu tashrifga taxminan bir yildan beri jiddiy va har tomonlama tayyorgarlik ko‘rganmiz", — dedi siyosatchi. Kamilov tashrif sabablari haqida gapirar ekan, "ko‘p jiddiy masalalar to‘planib qolgan edi, bu masalalar atrofida fikr almashish, aloqalarimizni yangi bosqichga ko‘tarish kerak edi", — deb ta’kidladi.
Kamilovga ko‘ra, AQSh bilan aloqalarni kuchaytirish O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos tushadi.
"Amerika bilan munosabatlarni rivojlantirish, turli sohalarda aloqalarni kuchaytirish — bizning davlat va milliy manfaatlarimizga to‘liq javob beradi", — dedi vazir.