TOShKENT, 18-may — Sputnik. Moskva shahrida o‘tkazilgan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi Jahon chempionatida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik yosh futbolchilar Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Chempionlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari, chempion yigitlarning murabbiy va tarbiyachilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik tomonidan tantanali kutib olindi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik futbolchilar Jahon chempionatida guruh bosqichida Pokiston (0:0), Rossiya (2:0) bilan kuch sinashib, chorak finalga chiqishdi.
Chorak finalda Nepal terma jamoasi 2:1 hisobida mag‘lub etildi. Burundi bilan yarim finalda 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Final uchrashuvida o‘zbekistonliklar ikkinchi bor pokistonlik raqiblari bilan to‘qnash keldi. Uchrashuvning asosiy vaqtida durang (1:1) qayd etilgach, penaltilar bahsi bo‘lib o‘tdi va unda 6:5 hisobida o‘zbekistonliklar g‘alaba qozonishdi.
Qayd etish kerak, Pokiston terma jamoasi Jahon chempionatining amaldagi g‘olibi hisoblanardi.