TOShKENT, 18-may — Sputnik. Bugun 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida matematika, fizika hamda informatika fanlari bo‘yicha "Al-Xorazmiy izdoshlari" nomli tanlovning ikkinchi (mintaqaviy) bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlovning ikkinchi (mintaqaviy) bosqichi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda uning Samarqand, Farg‘ona, Urganch, Qarshi va Nukus filiallarida bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchi bosqichda ishtirokchilar uchala fanga doir jami 9 ta topshiriqni yechishi lozim bo‘ladi. 100 balldan 75 ball to‘plaganlar so‘nggi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Uch bosqichli ushbu ko‘rik-tanlovga aprel oyida start berilib birinchi bosqichda 1259 nafar ishtirokchi o‘z maktabida matematika, fizika hamda informatika fanlaridan onlayn usulda imtihon topshirishdi. Ulardan 346 nafari 80 balldan yuqori ball to‘plab tanlovning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, "Al-Xorazmiy izdoshlari" tanlovi O‘zbekiston prezidentining "Muhammad al-Xorazmiy nomidgi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori asosida Xalq ta’limi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamkorligida joriy yilda ilk marotaba o‘tkazilmoqda.