TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamentiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
"AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, tashqi siyosat mahkamalari aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Amerika Qo‘shma Shtatlarida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Ikki davlat rahbarlarining Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida AQSh prezidenti O‘zbekistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga qat’iy sodiqligini ta’kidladi.
Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan ulkan yutuqlarni e’tirof etdi.
Prezidentlar keng jabhadagi o‘zaro ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida 2002-yilda imzolangan strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyaga yangicha sur’at bag‘ishlash maqsadida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga kelishib oldi.