TOShKENT, 16-may — Sputnik. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Aziz Esenbayev musobaqaning eng yaxshi himoyachisi, hujumchi Ruslan Kotov esa eng yaxshi hujumchi deb topildi.
O‘zbekiston terma jamoasi penaltilar seriyasida Pokiston ustidan g‘alaba qozonib jahon chempioniga aylandi.
Asosiy o‘yin vaqtida hisob 1:1 bilan yakunlandi. Undan keyin belgilangan penaltilar bo‘yicha 5:6 hisobida O‘zbekiston g‘alaba qozondi. So‘nggi hal qiluvchi golni O‘zbekiston jamoasi darvozaboni Sergey Islamov urdi.
O‘zbekiston terma jamoasi qur’aga ko‘ra Rossiya va Pokiston terma jamoalari bilan birga "A" guruhidan joy olgandi. O‘zbekistonliklar Pokiston bilan 0:0 hisobida durang o‘ynashdi, Rossiyani esa 2:0 hisobida mag‘lub etib guruhdan chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.
Chorak final bahsida o‘zbekistonlik futbolchilar Nepal termasini 2:1 hisobida yengishdi.
Yarim finalda Burundi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Jahon chempionlari bilan tanishing: Sergey Islamov, Danil Shaplov, Jahongir Ochilov, Toir Ergashboyev, Ruslan Kotov, Ruslan Karaxanyan, Aziz Esenbayev, Edgar Shamshilov, Salim Son.
Bosh murabbiy — Jamshid Asadov.