TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekistonda 15-maydan 19-maygacha "Chelyabinsk viloyati kunlari" o‘tkaziladi. Bu haqda Chelyabinsk viloyati gubernatori matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, mazkur tadbirlarda qatnashish uchun Chelyabinsk gubernatori Boris Dubrovskiy boshchiligida viloyatdagi 35dan ortiq korxona vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga yo‘l oldi.
"Tashrif dasturidan 25dan ortiq tadbirlar o‘rin olgan. Tashrifdan maqsad, O‘zbekiston va Chelyabinsk viloyati o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish,o‘zaro loyihalarni rivojlantirishdir", — deyiladi xabarda.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Samarqand, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bo‘lishadi hamda avtomobilsozlik, kimyo, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va boshqa sohalarda o‘zaro loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishadi. Shuningdek, biznes-forum, qator uchrashuv va muzokaralar, madaniy va sport tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 2017-yilda O‘zbekiston va Chelyabinsk viloyati o‘rtasida tovar almashish hajmi 291,5 mln dollarni tashkil etdi (2016 yilga nisbatan o‘sish 176,3%), xususan: eksport — 282,2 mln dollar (176%), import — 9,3 mln dollar (deyarli ikki baravarga oshdi).
Chelyabinsk viloyatida o‘zbekistonlik jismoniy va yuridik shaxslar muassisligidagi 22ta tijorat korxonasi ro‘yxatga olingan.