TOShKENT, 12-may — Sputnik. O‘zbekistonda allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to‘lmagan va xavf ostida bo‘lgan bolalarni tekshirish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkaziladi.
Bu haqda Sputnik muxbiri O‘zbekiston prezidentining qaroriga asoslanib xabar berdi.
Aksiya 2019-yil 1-yanvardan 1-iyulgacha oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida, shuningdek, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga borgan holda bepul asosda o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda allergen o‘simliklar changi to‘planishini kuzatishni va muayan hududda allergiya patologiyasi bilan kasallangan bemorlarni xabardor qilishni nazarda tutadigan aerobiologik monitoring tizimini yaratish taklifini ishlab chiqadi.
Hujjatda, allergik kasalliklar tashxisini ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qo‘llagan holda tashkil etish, shuningdek, kelgusida O‘zbekiston aholisining "allergik pasportini" ishlab chiqish belgilangan.
Sohani kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasi tashkil etiladi, 2018/2019 o‘quv yilidan klinik ordinaturaga qabul qilish kvotasi ko‘paytiriladi.
Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan "allergologiya va klinik immunologiya" mutaxassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi ochiladi.