TOShKENT, 10-may — Sputnik. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjon Sagintayev bilan uchrashdi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda tomonlar Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va chegaraoldi hamkorligi masalalari hamda fan, transport, ta’lim, turizm, madaniyat va sport sohalaridagi o‘zaro loyihalarni muhokama qildi.
Bundan tashqari, Qozog‘istonda O‘zbekiston yili o‘tkazilishi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
"Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikalari o‘rtasida 2018-yilning yanvar-mart oylarida tovar almashish hajmi 543,1 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan (371,8 million dollar) 46,1%ga ko‘pdir", — deyiladi xabarda.
Qozog‘istondan O‘zbekistonga import hajmi o‘tgan davr mobaynida 25,6%ga oshgan va 143,2 million dollarni tashkil etdi.