TOShKENT, 10-may — Sputnik. O‘zbekistonlik ekspertlar — Samarqand davlat tibbiyot instituti assistenti Absamat Oslanov, Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasi bo‘limi mudiri Anvar Suvanovlar — homilador ayollar uchun mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish naqadar muhimligi haqida to‘xtaldilar. Bu haqda ular "Zarafshon" gazetasida yozgan maqolalarida bayon etishgan.
Bugun dunyo olimlarini yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘rtasidagi kasalliklar 5-martaga, ovqatga nisbatan allergiya 10-martaga, tug‘ma nuqson bilan tug‘ilish ikki marta oshib borayotgani tashvishga solmoqda, deyiladi xabar avvalida.
Ayniqsa, homilador onaning organizmi turli o‘zgarishlarga uchraydi. Biroq embrion va homilaning o‘zgara olmaganligi oqibatida turli kasalliklar paydo bo‘ladi. Mahsulotlarning homilador ayol organizmiga va uning homilasiga ta’siri yetarlicha o‘rganilmayapti. Aksariyat davlatlardagi sarmoyadorlar kasalliklarning asl sababini izlash o‘rniga yangidan-yangi dori-darmonlarni yaratish va uni ishlab chiqarishga katta mablag‘ sarflashmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot institutining olimlari MDH davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib ana shu muammo yechimi ustida bosh qotirmoqda. Ya’ni, ular "Homilador ayollarda virusli gepatitlarni tashxislash va davolash standartlari" ustida ish olib bormoqda. Mazkur innovatsion g‘oyada mahalliy iqlim sharoitida yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish ona va bola sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir qilishi isbotlab berildi.
"Homilador ayollarga ko‘proq meva-sabzavotlar va kimoviy aralashmalar qo‘shilmagan oziq-ovqatlardan iste’mol qilishning tavsiya etilishi mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan harakatlarga mos keladi", — deb ta’kidlashgan ekspertlar o‘z maqolasida.