TOShKENT, 9-may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Ikkinchi jahon urushi yillarida yuzlab o‘zbek oilalari evakuatsiya qilingan yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga oldi. Ana shunday buyuk insonparvarlik yuksak ma’naviy jasorat namunasi sifatida butun dunyoda e’tirof etildi, deb ta’kidladi 9-may kuni Toshkentdagi Botanika bog‘ida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekistonda 9-may bayrami bu yil o‘zgacha ruhda nishonlandi. Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 73-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tdi.
Bayramda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan urush va mehnat faxriylari, Hukumat rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik korpus vakillari ishtirok etishdi.
Botanika bog‘iga qadam qo‘yishingiz bilan o‘zingizni go‘yoki Ikkinchi jahon urushi davridagi jang maydoniga tushib qolgandek his etasiz. Kiraverishda Ikkinchi jahon urushi yillaridagi harbiy texnikalar terilgan bo‘lsa, sal narida qo‘mondonlik shtabi, okoplar, tibbiyot punkti va dala oshxonasi ishlab turibdi…
Shuningdek, "jang maydonlarida" Ikkinchi jahon urushida qatnashgan veteranlar va o‘zbekistonlik fuqarolarning front orti mehnat faoliyati ham aks ettirilgan.
Bayram tadbiriga taklif etilgan veteran va mehnat faxriylari o‘zgacha hurmat bilan kutib olindi. Bog‘ga kiraverishda orkestr tomonidan urush yillarida askarlarga ruh bag‘ishlagan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi va tadbirga kelgan har bir veteran "Bayramingiz bilan! G‘alaba uchun rahmat! Biz sizlar bilan faxrlanamiz!", — degan jarangdor tabriklar bilan qarshi olindi.
Bundan ruhlanib ketgan veteranlar hatto o‘zlari o‘tirgan aravachalardan turib, berilib raqs ijro etdilar.
Bayram tadbiriga tashrif buyurgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev avvaliga Botanika bog‘ida vujudga keltirilgan "urush yillari" muhitini ko‘zdan kechirdi.
So‘ngra, mehmonlar qarshisida o‘z tabrik nutqi bilan chiqish qildi va kutilmaganda bayram dasturxoni atrofida yig‘ilgan urush faxriylarining har birining yoniga borib, mahkam bag‘riga bosib, shaxsan tabriklab chiqdi. Bunaqasi hali bo‘lmagan…
Ha aytgancha, Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistonning 6,5 million aholisidan 1,5 millioni, ya’ni mehnatga layoqatli aholining 42% safarbar etilgan. Ulardan qariyb 500 ming nafari jang maydonlarida halok bo‘lgan, 120 mingdan ortig‘i jangovar orden va medallarga sazovor bo‘lgan. Jumladan, 280 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan, 82 nafari esa uchala darajadagi "Slava" ordeni bilan mukofotlangan.