TOShKENT, 9-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-may — Xotira va Qadrlash munosabati bilan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirlarida ishtirok etmoqda, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
O‘zbekiston rahbari dastlab Xotira maydoniga tashrif buyurib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
"Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan mukofotlar topshirildi. Ularning o‘zlari jang qilgan mamlakatlarga borib-kelishi, sanatoriylarda bepul dam olishi uchun sharoit yaratildi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan faxriylarga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Bugun ushbu tarixiy sana munosabati bilan joylarda bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.