TOShKENT, 6-may — Sputnik. Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida 9-may — Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan Bolalar harbiy paradi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda IIBB matbuot xizmati.
Bolalar paradida kuch ishlatish tizimlari tasarrufida bo‘lgan 500ga yaqin maktab va litsey o‘quvchilari ishtirok etishdi. Xususan IIV 1 son akademik litseyi o‘quvchilari, "Temurbeklar maktabi", "Jar" SSM qoshidagi maxsus maktab-internati hamda boshqa qator ta’lim muassasalari o‘quvchilari tantanali saf tortib o‘tdilar.
Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri yosh o‘g‘il-qizlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usining yana mustahkamlashni maqsad qilgan. Paradda dastlab, harbiy orkestr sadolari ostida, O‘zbekiston bayrog‘i olib o‘tildi, so‘ng O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Tadbirda Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Ichiki ishlar vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar IIBB boshlig‘i R.Jo‘rayev, "Nuroniy" jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi R.Kolonov va boshqalar so‘zga chiqib urush faxriylarini 9-may — Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklab ularga sog‘lik va uzoq umr tiladilar.
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi vakillari ijrosidagi harbiy vatanparvarlikka oid she’r va qo‘shiqlari ijro etildi.