TOShKENT, 2-may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Chingiz Aytmatovni ijodi bois, O‘zbekistonda qirg‘iz tiliga munosabat o‘zgardi, qiziqish ortdi, dedi 2-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘tkazilgan tadbirda O‘zMU qoshidagi Chingiz Aytmatov nomidagi markaz rahbari Ahmadjon Meliboyev.
Aytmatovshunos olim "Chingiz Aytmatov adabiy merosini o‘rganish" mavzusida nutq so‘zladi.
Chingiz Aytmatov qirg‘izistonlik yozuvchi bo‘lsa, uning qahramonlari qirg‘izlar bo‘lsa, voqealar Qirg‘izistonda kechgan bo‘lsa, ularda sof milliy tuyg‘ular aks etgan bo‘lsa, nima uchun u Afrikada, Yevropada, Amerikada o‘qilyapti, degan savolga javob berar ekan, olim Chingiz Aytmatov fenomenining ikkita asosini sanab o‘tdi.
"Chingiz Aytmatov fenomenining asoslaridan biri shundaki, u bitta millat, bitta makonni emas, umuminsoniy muammolarni ko‘tarib chiqqan. Hammaga daxldor masalalarni olib chiqqanligi uchun ham mana shunday muvaffaqiyat qozondi. Ikkinchidan, Chingiz Aytmatov voqea hodisalar rivojini boshqa tengdoshlari, ustozlaridan farqli o‘laroq, o‘ttiz-qirq yil oldin ko‘ra bilgan", — dedi ekspert.