TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Samarqand viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi boshqaruvining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Samarqand viloyat axborot xizmati.
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etgan majlisda tashkiliy masala ko‘rildi.
Marhabo G‘afurova o‘z arizasiga ko‘ra Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasidan ozod etildi.
Shu paytgacha Kattaqo‘rg‘on shahar Xalq qabulxonasi mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Shodiyeva Hamrotosh Normurodovna Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib saylandi.
Shodiyeva Hamrotosh Normurodovna 1959-yil 17-sentabrda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika institutini tamomlagan. 2014-yilda buyon xalq deputatlari Samarqand viloyati va Kattaqo‘rg‘on shahar kengashlari deputati. 2007-yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlangan.