TOShKENT, 28 apr – Sputnik. Rossiyada bugundan boshlab yangi yo‘l-harakati qoidasi kuchga kirdi. Svetoforning qizil chirog‘i yorib turgan vaqtda "vafelnitsa" chizilgan chorrahaga chiqqan haydovchilar 1000 rubl jarima to‘laydi. Bu haqida mahalliy OAVlar xabar bermoqda.
“28 apreldan boshlab yangi qonun kuchga kirdi. Svetoforning qizil chirog‘i yongan vaqtda avtomobil “vafelnitsa” ustida bo‘lsa - haydovchi 1000 rubl jarima to‘laydi”, — deyilgan xabarda.
“Vafelnitsa” — vafli chiziqlari shaklida chizilgan diagonal sariq chiziqlar bo‘lib, u harakat gavjum, tez-tez tirbandlik bo‘lib turadigan chorrahalarda chiziladi.
Bunday chorrahalarda ko‘pincha bir holatni kuzatish mumkin: harakat gavjum yoki tirbandlik vaqti, ba’zi haydovchilar yashil chiroq yonib turgan vaqtda chorrahadan o‘tib keta olmasligini bilsa ham, chorrahaga chiqaveradi. Natijada o‘zi ham yura olmaydi, ko‘ndalang yo‘lda harakatlanayotgan transport yo‘lini ham to‘sib qoladi.
Ushbu qoida bilan bir vaqtda “vafelnitsa” yo‘l belgisi ham tadbiq etilmoqda. Bunday yo‘l belgilari chorrahaga yaqinlashib kelayotgan haydovchilarni 30 metr naridan ogohlantirib turadi.