TOShKENT, 25 apr — Sputnik. O‘zbekistonda joriy yilning may oyi davomida "Hadislar bilimdoni" ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar 2018-yilning 26-aprel kuniga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti, Toshkent shahri va viloyatlar vakilliklarida ro‘yxatga olinadi.
Tanlovning birinchi bosqichi 2018-yilning 1-5 may kunlari davomida viloyatlar kesimida o‘tkaziladi.
Tanlovda diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqishi bo‘lgan kamida 40 ta hadisni (arabcha matni bilan) yoddan bilgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.Tanlov uchta shartdan iborat:
– Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini yoritib berish;
– Berilgan hadisni sharhlab berish (hadisni tarjima qilish va undan olinadigan foydalarini bayon qilish);
– Hadisni arab tilidagi matnini roviylari bilan yoddan aytib (berilgan boblar bo‘yicha bittadan hadis aytish) berish.
Tanlovning Respublika bosqichini o‘tkazish vaqti qo‘shimcha e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan Qur’on musobaqasining g‘oliblari aniqlandi. Erkak qorilar o‘rtasida o‘tgan musobaqaning oliy o‘rniga qoraqalpog‘istonlik Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov loyiq deb topildi. Unga "Jentra" avtomobili topshirildi.