TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Turkmaniston biznes forumi va Turkmaniston milliy sanoat ko‘rgazmasi yakunlari bo‘yicha 250 mln dollarlikdan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ishbilarmonlik uchrashuvi chog‘ida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida ishtirokchilar amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni huquqiy himoya qilish, mamlakat iqtisodiyotining investitsion jozibadorligini oshirish, tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan EIZda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Qayd etilishicha, Toshkentda ochilgan ko‘rgazma shu yil mart oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan "Made in Uzbekistan" ko‘rgazmasining davomidir. Uchrashuvlarda mana shunday tadbirlarni har ikki mamlakatda bir yilda ikki marta o‘tkazishga kelishib olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yilda ikki mamlakat o‘zaro tovar aylanmasi 177,3 mln dollarni tashkil qildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkmaniston kapitali ishtirokidagi 11 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 10 tasi qo‘shma korxona va bittasi yuz foiz Turkmaniston kapitaliga ega korxonadir. Ushbu kompaniyalar savdo va xizmat ko‘rsatish, tekstil tarmog‘i, mebel ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadi.
Mahalliy mahsulotlar eksportini Turkmaniston bozorlariga olib chiqish maqsadida Turkmanistonda O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida 2 ta korxona faoliyat yuritadi.