TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YuNISEF ko‘magida bolalarni poliomiyelitdan himoya qilish maqsadida yangi vaksinani tatbiq etdi. To‘rt oylik bolalarga qilinadigan inaktivlashtirilgan poliomiyelit vaksinasi (IPV) endilikda O‘zbekistonning emlash dasturiga kiritildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann ham yangi vaksinaning O‘zbekiston milliy immunizatsiya kalendariga qo‘shilishi hech bir bola falaj bo‘lmasligini ta’minlash tomon qo‘yilgan muhim qadamligini ta’kidladi.
"Biz Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur vaksinaning ta’minotini yo‘lga qo‘yganligidan va ota-onalarni o‘z farzandlarini immunizatsiya kalendariga asosan emlatishga chorlayotganidan mamnunmiz", — dedi Graumann.
Ta’kidlanishicha, oldingi — og‘izga tomchi orqali qilinadigan poliomiyelit vaksina(OPV)si inson ichagida immunitet hosil qilsa, yangi IPV immunitetni qonda mustahkamlaydi. OPVning bir nechta dozasiga IPV dozasini qo‘shish virusni to‘xtatish va bolalarni himoya qilishning eng samarali uslubiga kiradi.