TOShKENT, 20 apr – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, tomonlar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida strategik sheriklik va barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish borasidagi kelgusi rejalarni tasdiqladilar.
Suhbatda 19-aprel kuni ishga tushirilgan Markaziy Osiyodagi yirik obyektlardan biri bo‘lgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ulkan ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasi ishtirokida barpo etilgan mazkur yuqori texnologiyali korxona O‘zbekistonda neft-gaz sohasining samarali rivojlanishiga xizmat qiladi.
Tomonlar shuningdek, yuqori darajadagi bo‘lajak muloqotlar jadvalini muhokama qilishdi.
Avvalroq bo‘lib o‘tgan o‘zaro muloqotda Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni O‘zbekistonga taklif qilgan, Rossiya rahbari bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilganligi xabar qilingandi.