TOShKENT, 18 apr – Sputnik. Ichki ishlar ta’lim muassasalarida o‘qigan talabalar 5-yil ishlab berishi yoki o‘qish xarajatlarini majburiy qoplash tartibi belgilandi.
O‘zbekiston Ichki ishlar hamda Moliya vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan Nizomga ko‘ra, bundan buyon Ichki ishlar vazirligining o‘quv muassasalarida o‘qigan yoki vazirlik tomonidan xorijiy muassasalarga o‘qishga yuborilgan bitiruvchilar, o‘qishni tugatganidan keyin 5-yil davomida, vazirlik yo‘llanmasiga binoan, davlat idoralarida majburiy uzuluksiz xizmat ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi.
Ushbu shart bajarilmagan hollarda bitiruvchilar o‘qish xarajatlarini to‘liq ravishda qoplashlari shart bo‘ladi. Bu haqida talabalar bilan o‘qish jarayonining boshida maxsus shartnoma imzolanadi va ularning ota-onalari ogohlantiriladi.
O‘qish uchun undiriladigan to‘lovda quyidagi xarajatlar hisobga olinadi: o‘qituvchilar ish haqi, stipendiya, kiyim-kechak, oziq-ovqat ta’minoti, amaliy mashg‘ulotlar va yo‘l xarajatlari.
Ushbu Nizom qabul qilingan kunidan boshlab kuchga kirdi. Nizomning to‘liq matni bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin.