Yekaterinburgda migrantlarni tunash bilan shug‘ullangan tojikistonliklar qo‘lga olindi

© Sputnik / Yevgeniy Biyatov / Mediabankka o‘tishruki naruchniki
ruki naruchniki - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ular o‘zbekistonliklar yashaydigan xonadonga bostirib kirishib 40 ming rubl puli, telefonlari va pasportlarini olib qo‘yishgan

TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Yekaterinburgda politsiyachilar o‘zbekistonliklarning pasportlarini olib qo‘yib, qaytarib berish evaziga pul talab qilgan tojikistonliklar guruhi qo‘lga olindi.

Ularni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyada Rossiya IIVning Sverdlovsk viloyati bo‘yicha uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi tezkor xodimlari, Rosgvardiya jangchilari va 12-politsiya bo‘limi xodimlari ishtirok etdi.

Jinoyat 31-mart kuni Sanatornaya ko‘chasidagi uyda sodir etilgan. U yerda o‘zbekistonliklar yashashgan. To‘rt nafar tojik yigitlar ularga pichoq bilan tahdid qilgan hamda 40 ming rubl puli, telefonlari va pasportlarini olib ketishgan.

Bir oz vaqtdan keyin Said laqabli shaxs o‘zbekistonliklarga qo‘ng‘iroq qilgan va pasportlarni 100 ming rublga qaytarib olishlari mumkinligini aytgan. O‘zbekiston fuqarolarida buncha miqdordagi pul bo‘lmagan va ular politsiyaga murojaat qilishgan.

Operativ xodimlar 37 yoshli Said yashaydigan xonadonni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Uni Simferopolskaya ko‘chasidagi uy yonida, yaqinda sotib olgan VAZ mashinasini ta’mirlashga chiqqanida qo‘lga olishdi.

Said yashaydigan to‘rt xonali xonadonda to‘daning yana bir a’zosi, Abu laqabli Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi. Xonadon tintuv qilinganida jabrlanuvchilarga tegishli telefonlar topildi. To‘daning yana ikki a’zosi ertasi kuni qo‘lga olindi, deb xabar qildi, Sverdlovsk viloyati IIV matbuot xizmati.

ruki naruchniki - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentdagi hujum: bosqinchilar elektroshoker va pnevmatik to‘pponchadan foydalanishdi

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Said va uning uch nafar sherigi 13-aprel kuni Iyulskaya ko‘chasida yashovchi migrantlarning uyiga ham bostirib kirishgan. Ular pichoq va to‘pponcha bilan tahdid qilishib, 540 ming rubl pul va uyali telefonlarni o‘zlashtirib olishgan.

"Bosqinchilik hujumlari yaxshi tayyorgarlik bilan tashkil qilingan. Bosqinchilar niqobda bo‘lishgan, yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lishgan, jabrlanuvchilarni skotch bilan bog‘lab, ularga jismoniy tazyiq ishlatishgan", — dedi Rossiya IIVning Sverdlovsk viloyati bo‘yicha uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Sergey Maksimov.

Hozirda qo‘lga olinganlarga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bosqinchilar 12-yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Sergey Maksimovning aytishicha, agar ularning uyushgan guruh ekanligi isbotlansa, jazo muddati yanada oshishi mumkin. Ular Yekaterinburgda sodir etilgan qator bosqinchilik jinoyatlariga aloqador ekanligi haqida ma’lumot kelib tushgan.

Yangiliklar lentasi
0